Alan Xansen "Liverpul"ga APL kubogini topshiradi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 14

"Liverpul" afsonasi Alan Xansen "qizillar"ning Premer-liga chempionligini nishonlash marosimida ishtirok etadi.
"Liverpul" 27 aprel kuni "Tottenxem"ni 5:1 hisobida mag'lub etib, chempionlikni qo'lga kiritdi, ammo an'anaga ko'ra, Premer-liga kubogi Arne Slot jamoasiga mavsumdagi so'nggi uy o'yiniga qadar topshirilmaydi.
O'sha o'yin kelasi yakshanba kuni "Kristal Pelas"ga qarshi bo'ladi va "Enfild"da bo'lib o'tadigan taqdirlash marosimiga tayyorgarlik qizg'in davom etmoqda.
The Telegraph nashri xabariga ko'ra, final hushtagi yangraganidan so'ng "Liverpul" sardori Virjil van Deyk o'zi markaziy himoyachi sifatida o'ynagan afsonaviy Xansen qo'lidan APL kubogini oladi.
Xansen "Liverpul"da 14 yil o'ynagan. Alan 620 o'yin o'tkazgan va "qizillar" bilan sakkizta chempionlikni qo'lga kiritdi, shu jumladan uchtasini sardor sifatida.
Aynan Xansen 1990 yilda chempionlikni ko'targan oxirgi "Liverpul" sardori edi.
Bu Xansenning o'zi uchun ham hissiy voqea bo'ladi. Bir yildan kamroq vaqt oldin 69 yoshli shotlandiyalik og'ir xastalikka uchradi va bir muddat kasalxonada yotdi.